Loading...

Joriy yilning 17-19-sentyabr kunlari Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Parij shahrida mehmonxonalar, sayyohlik tashkilotlari, turoperatorlar, onlayn platformalar, aviakompaniyalar va turizm sohasining boshqa mutaxassislarini birlashtirgan dunyodagi eng yirik sayohat va turizm ko‘rgazmalaridan biri bo‘lgan “IFTM Top Resa 2024”da ishtirok etmoqda.

Parijdagi eng yirik “Paris Expo Porte de Versailles” xalqaro koʻrgazma markazida Turizm qoʻmitasi va “Milliy PR-markazi” DUK, shuningdek, Oʻzbekistonning “Intermice”, “Rocket DMC”, “Sacred East travel”, “Silk Road Explore”, “Mega Tour”, “Orient Star Group”, “Anur Tour”, “Marko Polo”, “Karavan Travel” kabi sayyohlik kompaniyalari va “Uzbekistan Airways” AJ vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakatimiz milliy stendini namoyish etadi.

Ko‘rgazma doirasida delegatsiya ko‘rgazma ishtirokchilarini O‘zbekistonning noyob madaniy va tabiiy diqqatga sazovor joylari bilan tanishtiradi, Yevropa davlatlaridan mamlakatimizga sayyohlarni jalb qilish va ularning sonini ko‘paytirish maqsadida manfaatli sayohat paketlarini taklif etadi. Bundan tashqari, delegatlar infratuzilmani rivojlantirish va turizm xizmatlari sifatini oshirish istiqbollarini muhokama qiladi, shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatadi.

Mamlakatimizning Fransiyadagi Elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston stendida madaniy chiqishlar orqali mamlakatimizning milliy an’analari, urf-odatlari va milliy raqslari namoyish etildi.

Xalqaro ko‘rgazma doirasida Fransiyaning davlat sayyohlik tashkilotlari va marketing kompaniyalari bilan uchrashuvlar, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Fransiya turoperatorlari bilan joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan TXTY-2024 yarmarkasida ko‘rgazma maydonlarini faol sotish va mazkur yarmarkada ishtirok etish shartlari bilan tanishtirish yuzasidan ishbilarmonlik uchrashuvlari rejalashtirilgan.

“IFTM Top Resa” ko‘rgazmasi ishining birinchi kuni yakunlariga ko‘ra, ko‘rgazma doirasida “Inaugural Cocktail” tadbiri tashkil etildi va unga 300 dan ortiq yuqori martabali mehmonlar tashrif buyurdi. Tadbirda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev so‘zga chiqib, O‘zbekistonning turizm salohiyati, Prezidentimiz va Hukumat tomonidan turizm sohasiga qaratilayotgan e’tibor, sohadagi o‘zgarishlar va imkoniyatlar haqida nutq so‘zladi hamda soha vakillarini mamlakatimiz bilan turizm sohasida hamkorlik qilishga taklif etdi. Milliy kuy-qo‘shiqlarimizdan iborat madaniy dastur ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlarga furshet shaklidagi tushlik taqdim qilindi.

Ta’kidlash joizki, ushbu ko‘rgazma fransuzlar va xorijlik mehmonlarga O‘zbekistonning madaniy merosi bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyat yaratib, mamlakatimizning boy tarixi, san’ati, oshxonasi va mehmondo‘stlik an’analarini yaxshiroq tushunish va baholash imkonini beradi.

Ma’lumot uchun: “IFTM Top Resa” – turizm va sayohatga bag‘ishlangan ko‘p maqsadli ko‘rgazma bo‘lib, sayohatning barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi: biznes, dam olish, guruhlar, MICE. Ko‘rgazmada 90 dan ortiq panel sessiyalari rejalashtirilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilar soni 100 mingdan oshishi kutilmoqda.