Loading...

O‘zbekiston delegatsiyasi 22-yanvar kuni Madridda o‘z ishini boshlagan “FITUR” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda. Ushbu muhim tadbir dunyoning turli mamlakatlaridan turizm sohasi mutaxassislari va sayohat ishqibozlarini birlashtirdi.

Delegatsiya tarkibiga mamlakatimizning “Rocket DMC”, “Orient star group”, “Sonder Voyage”, “Uzbekistan Discovery”, “Zamin travel”, “El mundotour”, “Olympic tour”, “Advantour”, “Asialux Travel”, “Dolores”, “Samarcanda adventures” kabi yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari ham kirdi.

O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimiz salohiyatini xorijda ommalashtirish va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida kompaniyalarimizning sayyohlik mahsulotlari, jumladan, yangi yo‘nalishlar va turpaketlar namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimiz salohiyatini xorijda ommalashtirish va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida kompaniyalarimizning sayyohlik mahsulotlari, jumladan, yangi yo‘nalishlar va turpaketlar namoyish etilmoqda.

Shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro turoperatorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida B2B va B2G uchrashuvlarini, shuningdek, chet el delegatsiyalari rahbarlari hamda jahon sayyohlik sohasi vakillari bilan muzokaralarni faol o‘tkazmoqda.

Ma’lumot uchun: «FITUR» Madriddagi «Ifema» ko‘rgazmalar markazida muntazam ravishda o‘tkaziladigan xalqaro turizm ko‘rgazmasidir. Ko‘rgazmada har yili turizm sohasining barcha yo‘nalishlari vakillari: turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, tashuvchilar, turizm bo‘yicha idoralar, xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar va boshqalar ishtirok etadilar. O‘zbekiston «FITUR» xalqaro ko‘rgazmasida 2005-yildan beri qatnashib kelmoqda.

Ushbu nufuzli tadbir O‘zbekistonning Yevropadagi ustuvor sayyohlik yo‘nalishi sifatida ilgari surilishi va sayyohlar oqimini oshirish uchun yangi platforma bo‘lib xizmat qiladi.

“FITUR” 26-yanvarga qadar davom etadi.