2024-yil 16-18-oktyabr kunlari Pekinda Xitoyning eng yirik sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri – “China Outbound Travel & Tourism Market” (COTTM) bo‘lib o‘tmoqda. Bu har yili dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi sayyohlik kompaniyalari, davlat idoralari va tashkilotlari vakillarini jalb etadigan jahon turizm sanoatidagi muhim voqelikdir. O‘zbekiston ko‘rgazmada faol ishtirok etib, o‘z milliy stendini namoyish etmoqda.

Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Turizm qoʻmitasi, “Milliy PR-markazi” DUK, “Uzbekistan Airways” AJ, “Intercontinental” mehmonxonasi, “Timurway tours”, “Beyond expectations”, “Skyway” kabi mahalliy sayyohlik kompaniyalari vakillari bor. Ushbu tashkilotlar Xitoy va boshqa mamlakatlardan sayyohlarni jalb qilish maqsadida xalqaro hamkorlar bilan faol aloqalar olib borib, uchrashuvlar, taqdimotlar o‘tkazmoqda.
O‘zbekiston stendida mamlakatning boy turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari o‘tkazilmoqda, sayyohlik kompaniyalari vakillari “B2B” uchrashuvlarini o‘tkazmoqda, shuningdek, Xitoydan sayyohlarni jalb qilish va keluvchi turistlar sonini oshirish maqsadida tashrif buyuruvchilarni yangi turistik yo‘nalishlar va mavjud turizm salohiyati bilan tanishtirmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xitoylik sayyohlar uchun jozibador davlatga aylandi. 2023-yilda Xitoydan kelayotgan sayyohlar soni sezilarli darajada oshdi – 40 mingdan ortiq xitoylik sayohatchilar mamlakatga tashrif buyurdi va bu Xitoyni O‘zbekiston turizmining asosiy bozorlaridan biriga aylantirdi. Kelgusi yillarda ham hamkorlik va xalqaro ko‘rgazmalardagi targ‘ibot tufayli bu raqamlar o‘sishi kutilmoqda.
Jahonda tobora dolzarb bo‘lib borayotgan barqaror turizm sohasida sayyohlik aloqalarini kengaytirish va o‘zaro tajriba almashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston vakillari salohiyatli hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda, yangi sayyohlik yo‘nalishlari va turpaketlar imkoniyatlarini muhokama qilmoqda, bu esa o‘z navbatida hamkorlik uchun katta istiqbollarni ochmoqda.

Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtirok etish dasturidan milliy musiqa va raqslardan iborat madaniy chiqishlar oʻrin olgan. Xalq cholg‘u asboblari jo‘rligidagi an’anaviy o‘zbek raqslari ko‘rgazma mehmonlarini mamlakatning boy madaniyati bilan tanishtirib, o‘ziga xos muhit yaratmoqda.
COTTM-2024 ko‘rgazmasida ishtirok etishdan maqsad nafaqat xalqaro aloqalarni mustahkamlash, balki O‘zbekistonga istiqbolli sayyohlik yo‘nalishi sifatida e’tiborni qaratish hamdir. Mamlakat bu sohada faol rivojlanib, sayohatchilarga qulay va xavfsiz dam olish uchun o‘ziga xos tajriba va qulayliklarni taklif qilmoqda.