Loading...
2025-yil 3–10-avgust kunlari O‘zbekiston mezbonligida Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Turkiyadan tashrif buyurgan bloger va ijtimoiy tarmoq influenserlari delegatsiyasi ishtirokida info-tur tashkil etildi. Delegatsiya tarkibidagi ishtirokchilar o‘z sahifalarida millionlab obunachilarga ega bo‘lib, ularning ushbu tashrifi O‘zbekistonning turizm brendini xalqaro auditoriyaga yangi rakursda targ‘ib etishga xizmat qildi.

Safar dasturi Toshkent shahridan boshlandi. Delegatsiya poytaxtda Hazrati Imom majmuasi, Ko‘kaldosh madrasasi kabi tarixiy obidalarni ziyorat qilib, zamonaviy ko‘ngilochar maskanlar, milliy gastronomik markazlar va innovatsion turizm xizmatlari bilan yaqindan tanishdilar.

So‘ngra blogerlar Jizzax viloyatining Zomin tumaniga yo‘l olib, bu yerdagi tabiiy landshaft, tog‘li hududlarda rivojlanayotgan ekologik turizm va sog‘lomlashtirish maskanlari bilan tanishdilar. Tabiat bilan uyg‘unlikdagi yashil turizm imkoniyatlari xorijlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Samarqandda esa delegatsiya Registon majmuasi, Shohi Zinda, Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi kabi diqqatga sazovor joylarda bo‘lib, tarix va zamonaviylikning uyg‘unligiga guvoh bo‘ldi. Shuningdek, mehmonlar “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, milliy hunarmandchilik mahsulotlari va zamonaviy servis tizimlari bilan tanishdilar.

Tashrifning asosiy bosqichi esa 8–10-avgust kunlari Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tadigan “Qovun sayli” xalqaro festivali doirasida amalga oshiriladi. Ushbu festivalda blogerlar milliy qovun navlari ko‘rgazmasi, an’anaviy xalq ijodiyoti va konsert dasturlarini yoritib, Xorazmning boy madaniyati va o‘ziga xos turizm imkoniyatlari bilan o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlaridagi auditoriyasiga targ‘ib etishni maqsad qilganlar.

Blogerlarning O‘zbekistonga tashrifi davomida olingan foto va video materiallar, sharhlar, jonli efirlar orqali mamlakatimiz haqidagi ma’lumotlar keng auditoriyaga yetkazildi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro turizm xaritasidagi mavqeini kuchaytirish, ishonchli va jozibador sayohat manzili sifatida ilgari surishda muhim bosqich bo‘ldi.

Mehmonlar O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlari, xavfsizlik darajasi, infratuzilma va xizmat ko‘rsatish sifati haqida ijobiy fikr bildirdilar va yaqin kelajakda o‘z auditoriyalarini mamlakatimizga sayohat qilishga undash rejalari borligini ma’lum qildilar.