Loading...

Joriy yilning 20-23-fevral kunlari Budapesht shahrida “UTAZAS HungExpo” xalqaro turizm ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu yirik xalqaro ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etmoqda. Milliy stendimizni taqdim etayotgan delegatsiya tarkibiga Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR-markazi” DUK mutaxassislari, shuningdek, O‘zbekistonning mahalliy sayyohlik kompaniyalari vakillari kirgan.

Ko‘rgazma doirasida stendimizda mamlakatimizning milliy an’analari, urf-odatlari va marosimlari hamda O‘zbekistonning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari namoyish etilmoqda. Shu bois, O‘zbekiston stendi ko‘rgazmadagi eng mashhur stendlardan biriga aylandi.

Ko‘rgazmaning birinchi kunida O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniyatiga bag‘ishlangan stendda “Bahor” xalq ansambli tomonidan milliy raqslar namoyish etildi.

Ma’lumot uchun: “UTAZAS HungExpo – bu sanoat vakillari va sayohatchilar uchun yillik uchrashuv joyi bo‘lib, keng ko‘lamli dasturlarni taklif etadi. Har yili tadbirda sayyohlar orasida tobora ommalashib borayotgan turizm turlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu yarmarka xorijiy mehmonlarga O‘zbekistonning boy tarixi, san’ati va mehmondo‘stligini chuqurroq anglash va qadrlash orqali madaniy merosimiz bilan yaqindan tanishish uchun qulay imkoniyat yaratadi.