9-11-oktyabr kunlari Italiyaning Rimini shahrida «TTG Travel Experience 2024» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. «Rimini Expo Centre» xalqaro ko‘rgazmalar markazida Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Djamshid Abdusalamov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizning milliy stendini yana bir bor namoyish etdi.

Delegatsiya tarkibiga Turizm qo‘mitasi, «Milliy PR-markazi» DUK, O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasi, «Uzbekistan Airways» AJ, shuningdek, «Orient Star,» «Mice and Travel,» «Mega Tour,» «Sanat Travel,» «Traveliston,» «People Travel,» «Anur Tour» kabi mahalliy sayyohlik kompaniyalari vakillari kirdi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari xorijiy mamlakatlardagi hamkasblari bilan faol muzokaralar olib bormoqda. Milliy stendga tashrif buyuruvchilar tub islohotlarni yuqori baholab, mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan chuqur va jadal o‘zgarishlar xorijiy turoperatorlar va turistik kompaniyalarning alohida e’tiborini tortmoqda.

Turizm sohasi mutaxassislarining fikricha, Yevropa tomonining O‘zbekiston turizm bozoriga qiziqishi yildan yilga ortib bormoqda.

Bundan tashqari, delegatsiya vakillari joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan TXTY-2024 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish masalalari bo‘yicha yirik tashkilotlar bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan.
«TTG Travel Experience» bu shunchaki ko‘rgazma emas, balki uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun platforma bo‘lib, bu O‘zbekistonning xalqaro maydonda yanada o‘sishi va ilgarilashi uchun alohida ahamiyatga ega.