Joriy yil 25-apreldan 1-mayga qadar Uzoq Sharqning uchta davlati – Malayziya, Singapur va Indoneziyada “Road Show” xalqaro sayyohlik tadbirlari o‘tkazilmoqda. B2B formatida o‘tadigan ushbu tadbirlar Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy
PR-markazi” DUK tomonidan “MIKI TRAVEL ASIA” xalqaro sayyohlik kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Delegatsiyamiz tarkibi Turizm qo‘mitasi va “Milliy PR-markazi” DUK, “Uzbekistan Airways” AJ, O‘zbekistonning 25 dan ortiq mahalliy sayyohlik kompaniyalari, shuningdek, Toshkent shahar Turizm boshqarmasi vakillaridan iborat bo‘lib, ular taqdimotlar orqali o‘zlarining ommabop yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi takliflarini taqdim etadilar, barcha soha va segmentlarda turizmni rivojlantirish strategiyasi va dasturi bo‘yicha tajriba va fikr almashadilar.
Bugun tadbirning 1-kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirni Ozbekiston Respublikasining Malayziyadagi Elchisi Gadoyev Karomiddin Ibodovich tabrik so‘zlari bilan ochib berdi.
“Road Show”ga Uzoq Sharqning xalqaro chiqish turizmiga ixtisoslashgan turoperatorlari va sayyohlik agentliklari vakillari, O‘zbekistonga turlar xarid qilishdan manfaatdor bo‘lgan MICE agentliklari vakillari, O‘zbekistonning Malayziya, Singapur va Indoneziyadagi elchixonalari vakillari, shuningdek, OAV vakillari taklif etilgan.
Tadbir doirasida, shuningdek, O‘zbekistonlik san’atkorlarning chiqishlari bilan madaniy dasturlar ham tashkil qilinmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston delegatsiyasi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini xorijda targ‘ib qilish va mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Ma’lumot uchun:
“Road Show” – yangi hamkorlar, investorlarni jalb qilish, shuningdek, mavjudlarida sodiqlikni shakllantirish maqsadida oʻtkaziladigan tadbir formati. Boshqacha qilib aytganda, bu kompaniya imidjini yaratish uchun vositadir. Ko‘pincha “Road Show” tadbiri taxminan 1-2 hafta davom etadi va turne shaklida bo‘lib o‘tadi.
“Road Show”ning keyingi tadbirlari Singapur (28-aprel) va Jakartada (30-aprel) bo‘lib o‘tadi.