Loading...

2024-yilning 6-8-sentyabr kunlari Malayziyaning poytaxti Kuala-Lumpurda “MATTA Fair 2024” 36-xalqaro turizm yarmarkasi boʻlib oʻtmoqda.

Malayziyadagi yirik MITEC xalqaro savdo va ko‘rgazma markazida (Malaysia International Trade and Exhibition Centre) O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimiz milliy stendini namoyish etmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasining “MATTA Fair 2024” turizm yarmarkasidagi ishtiroki Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUK vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning Malayziyadagi Elchixonasi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Milliy stendimizni namoyish qiluvchi delegatsiya tarkibida Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR-markazi” DUK, “O‘zbekiston havo yo‘llari” AK, shuningdek, O‘zbekistonning “Antique Travel”, “Binkat travel”, “East Asia Point”, “Euroasia Travels”, “Orient Mice”, “Rezbook Global”, “Sole Vita”, “Travel together” kabi mahalliy sayyohlik kompaniyalari mutaxassislari bo‘lib, ular mashhur yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zlarining eng yaxshi takliflarini taqdim etadigan barcha sektor hamda segmentlarda turizmni rivojlantirish strategiyasi va dasturlari bo‘yicha tajriba va fikr almashadilar.

Nafaqat Malayziya, balki butun Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi fuqarolari orasida keng ommalashayotgan O‘zbekistonning sayyohlik mahsulotlari birinchi kundanoq yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Xalqaro yarmarka davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Malayziya turoperatorlari bilan joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan TXTY-2024 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish shartlari bilan tanishtirish va ko‘rgazma maydonlarini faol sotish yuzasidan ishbilarmonlik uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, mazkur yarmarka malayziyaliklar va xorijlik mehmonlar uchun O‘zbekistonning madaniy merosi bilan tanishish, mamlakatning boy tarixi, san’ati, oshxonasi va mehmondo‘stligini chuqurroq anglash va baho berishga ko‘maklashish uchun noyob imkoniyat yaratadi.

Ma’lumot uchun: “MATTA Fair” tashrif buyuruvchilarga ko‘plab qiziqarli va qimmatli turistik marshrutlar, shuningdek, ajoyib biznes va sayohat imkoniyatlarini taklif etadi. “MATTA Fair” – Malayziya turizm sanoatining 3000 dan ortiq vakillarini birlashtirgan xalqaro turizm yarmarkasi boʻlib, 1975-yildan buyon oʻtkazib kelinmoqda.