Loading...

2024-yilning 25-27-noyabr kunlari Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi Doha shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Qatar Travel Mart” xalqaro ko‘rgazmasida mamlakatimiz milliy stendini namoyish etmoqda. Ushbu tadbir mintaqadagi eng yirik turizm platformalaridan biri boʻlib, jahon turizm biznesi vakillari, aviakompaniyalar, mehmonxonalar va milliy turizm maʼmuriyatlarini birlashtirgan.

O‘zbekiston milliy stendida mamlakatning boy madaniy merosi, noyob sayyohlik yo‘nalishlari va hamkorlikning istiqbolli loyihalari namoyish etilmoqda. Stendga tashrif buyuruvchilar mamlakatning sayyohlik imkoniyatlari, Ipak yo‘li bo‘yidagi tarixiy obidalardan tortib, zamonaviy infratuzilma loyihalarigacha bo‘lgan ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

Delegatsiya, shuningdek, Fors ko‘rfazi davlatlaridan turistlar oqimini oshirish bo‘yicha potensial hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda. “Al-Jazira” xalqaro televideniyasi vakillari bilan muzokaralarga alohida e’tibor qaratildi, bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonni Yaqin Sharqdagi media platformalarda targ‘ib qilishning yangi istiqbollarini ochishga xizmat qiladi.

“Qatar Travel Mart” ko‘rgazmasida ishtirok etish O‘zbekistonning xalqaro turizm maydonidagi o‘rni yuksalib borayotganligini va mamlakatning butun dunyo bo‘ylab sayohatchilar uchun asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanishga intilayotganligini ko‘rsatadi.