Loading...

Joriy yilning 17-19-sentyabr kunlari Moskvada “Отдых. Leisure-2024“ forum-ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi Moskvadagi yirik “Expocentre” markaziy ko‘rgazmalar majmuasida mamlakatimiz milliy stendini namoyish etmoqda.

Malumot uchun: Отдых. Leisure-2024  – bu 30 yil davomida Rossiyada kuz-qish turizm mavsumi oldidan shunday miqyosdagi yagona ishbilarmonlik tadbiridir. Forum-ko‘rgazma vazirlar biznes vakillari bilan rejalar bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshiradigan, butun dunyo bo‘ylab sayyohlik jamoalari o‘zaro aloqalar o‘rnatadigan hamda turizm sohasining eng yaxshi mutaxassislari va ekspertlari kashfiyotlar qilish va biznes yuritish uchun tashrif buyuradigan joydir.

Forum-koʻrgazmada Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtiroki Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi koʻmagida tashkil etilmoqda.

Milliy stendimizni namoyish qiluvchi delegatsiya tarkibida, shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ, O‘zbekistonning “Central Asia Travel”, “Dolores Travel” kabi mahalliy sayyohlik kompaniyalari va boshqalar bor. Ular ommabop yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi takliflarni taqdim etadilar hamda tajriba va g‘oyalar almashgan holda, turizmni uning barcha segmentlarida rivojlantirish bo‘yicha strategiya va dasturlarni muhokama qiladilar.

“Отдых. Leisure-2024“ forum-ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi vakillari “Zamonaviy O‘zbekiston – Qadimgi Sharq durdonasi” mavzusida mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan chiqish qiladilar.

Xalqaro forum va koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari tadbir ishtirokchilari va ishbilarmonlarni joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan TXTY-2024 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirishni rejalashtirgan.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizning ushbu forum-ko‘rgazmadagi ishtiroki rossiyaliklar va xorijlik mehmonlar uchun O‘zbekistonning madaniy merosi bilan tanishish, mamlakatning boy tarixi, san’ati, oshxonasi va mehmondo‘stligini chuqurroq anglash va baholash uchun noyob imkoniyat yaratadi.