Loading...

21-23-oktabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi har yili o‘tkazib kelinadigan AQShning eng nufuzli ko‘rgazmalaridan biri bo‘lgan Miami World Travel Expo (WTE Miami) ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.

Maqsad — O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish, sarmoya jalb etish va turizm sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Ko‘rgazma davomida delegatsiya mamlakatning turli turistik yo‘nalishlari, madaniy diqqatga sazovor joylari va o‘ziga xos an’analarini namoyish etadi.

Bundan tashqari, xorijiy hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish va turizm sohasidagi yetakchi jahon ishtirokchilari bilan tajriba almashish rejalashtirilgan. Bunday keng ko‘lamli ko‘rgazmada ishtirok etish O‘zbekistonni sayohat va sarmoya uchun jozibador yo‘nalish sifatida namoyish etish imkonini beradi.

Shuningdek, delegatsiya O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiluvchi turizmdagi zamonaviy tendentsiyalarga bag‘ishlangan davra suhbatlari va seminarlarda ishtirok etmoqda.

Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev “Turizmni mamlakatni iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rni” panel sessiyasida ishtirok etdi. Sessiyada ishtirok etgan soha vakillari O‘zbekistonda turizm yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar, turizmning yangi turlari va ularning rivoji va olis hududlarda yaratayotgan turizm infratuzilmasi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdilar.

Shu bilan birga ko‘rgazmada Toshkent, Samarqand va Xorazm viloyatlaridan tashrif buyurgan turoperatorlar, ovqatlanish va mehmonxona vakillari, hunarmandlar o‘zlarining mahsulotlarini taqdimotlarini o‘tkazdilar.

“WTE Miami” ko‘rgazmasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, tadbirda 3000 dan ortiq ishtirokchilar, 40 dan ortiq maʼruzachilar, 60 dan ortiq mamlakat vakillari, 400 dan ortiq stendlar va 120 dan ortiq OAV vakillari tashrif buyurgan.