Loading...

2025-yil 16-yanvar kuni Avstriyaning Vena shahrida har yili yanvar oyida Avstriya poytaxtida o‘tkaziladigan va jahon turzmining barcha zamonaviy tendensiyalarini o‘zida aks ettiradigan eng yirik xalqaro sayyohlik tadbirlaridan biri bo‘lgan Avstriyaning eng yirik yetakchi sayyohlik ko‘rgazmasi “Ferien Messe Wien” boshlandi.

Ma’lumot uchun: Ferien Messe Wien – faol dam olish, sayohat va sog‘lom turmush tarziga bag‘ishlangan xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi. Ferien-Messe Wien dam olish va sayohat uchun xalqaro tadbir bo‘lib, Avstriyadagi yetakchi turizm ko‘rgazmasidir.

Ko‘rgazmada dunyoning 80 mamlakatidan 800 dan ortiq sayyohlik biznesi vakillari ishtirok etmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ushbu xalqaro tadbirda milliy stend bilan qatnashmoqda. Ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlari mamlakatimiz an’analari, urf-odatlari va boy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning ishtiroki Turizm qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Venadagi Elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Milliy stendda O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan Turizm qo‘mitasi xodimlari, “Rocket Uzbekistan”, “Sonder Voyage”, “Global Tour” kabi mahalliy sayyohlik kompaniyalari ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi xorijiy hamkorlar bilan O‘zbekistonning turizm salohiyatini xorijda ommalashtirish va mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Ko‘rgazma doirasida delegatsiya tashrif buyuruvchilarga mamlakatning rang-barang madaniy tomoshalari va noyob an’analarini taqdim etmoqda.

Xalqaro ko‘rgazma 2025-yil 19-yanvarga qadar davom etadi.